Oʻzbekiston
Oq yoʻrgakka oʻragansan oʻzing bizni,
Oq yuvib, oq taragansan oʻzing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona boʻlib,
Kunimizga yaragansan oʻzing bizni.
Adoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston.
Fidoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!..
Qalqoningmiz, qasd qilsa kim gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har oʻgʻloningga.
Gulday oʻpib asragaymiz ostonangni
Yovlar yaqin yoʻl olmagay qoʻrgʻoningga.
Adoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston.
Fidoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!..
Tuzing totib, unutganlar har xor boʻladi,
Koʻzlariga ikki dunyo tor boʻladi.
Tinch kuningni koʻrolmagan yurtfurushlar
Bir kun bir kaft tuprogʻingga zor boʻladi.
Adoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!..
Fidoying boʻlgaymiz seni, Oʻzbekiston!
Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!..