Yursin Karvonlar
Laganbardorlar talashib o’rin,
Bir-birining quritar sho’rin
Tentak bermay tentakka to’rin
Quritadi tentakning sho’rin
San’atkorlar izlashib zo’rin,
Bir-birining quritar sho’rin,
Olim topib, olimning g’o’rin, g’o’rasin,
Kasbdoshining quritar sho’rin…
Garchi shuncha mag’rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak,
Shunday ekan manmanlik nechun,
Kibru-havo nimaga kerak.
Kamtarin bo’l, hatto bir qadam,
Eh yarim qadam,
O’tma g’urur ostonasidan,
Piyolani inson shuning uchun,
O’par doim peshonasidan…
Karvonlar ko’p, rizqi bo’lakdir,
Mayli yursin o’sha karvonlar,
Insonlar ko’p, taqdirlar bo’lak,
Lek qabrlar boshqa-boshqadir…
Qassoblarku hammadan burun,
Tanishining quritar sho’rin,
Shoirlarchi berib qalb qo’rin,
She’r yozmoqning o’rniga ko’ring,
O’lmay turib, talashib go’rin,
Bir-birining quritar sho’rin,
Ahmoq bermay ahmoqqa to’rin,
Quritadi tentakning sho’rin…
Garchi shuncha mag’rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak,
Shunday ekan manmanlik nechun,
Kibru-havo nimaga kerak.
Kamtarin bo’l, hatto bir qadam,
Bir qadam,
O’tma g’urur ostonasidan,
Piyolani inson shuning uchun,
O’par doim peshonasidan…
Karvonlar ko’p, rizqi bo’lakdir,
Rizqin yesin o’sha karvonlar,
Insonlar ko’p, taqdirlar bo’lak,
So’roqlari boshqa-boshqadir…